22-modda. Elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berish tartibi
Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida (O‘RQ-793-son) · Sana: 12.10.2022 · Amalda
Elektron raqamli imzo kalitining sertifikati jismoniy yoki yuridik shaxsning elektron raqamli imzoning kalitini berish yoki elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi arizasiga asosan beriladi.
Elektron raqamli imzoning kalitini berish yoki elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati bir ish kunidan oshmasligi kerak. Elektron raqamli imzo kalitining sertifikati roʻyxatga olish markazi tomonidan arizachining shaxsi tasdiqlanganidan keyin beriladi.
Roʻyxatga olish markazlari tomonidan elektron raqamli imzo kalitini berish va elektron raqamli imzolar kalitlarining sertifikatlarini roʻyxatga olish uchun:
jismoniy shaxslardan — shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatish, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini hamda elektron raqamli imzoning kalitidan foydalanish maqsadi haqidagi maʼlumotlarni taqdim etish;
yuridik shaxslardan — soliq toʻlovchi yuridik shaxsning identifikatsiya raqami toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, yuridik shaxsning elektron raqamli imzosi kalitining sertifikatini oluvchi xodim koʻrsatilgan ishonchnomani, ishonchnomada koʻrsatilgan xodimning shaxsini hamda elektron raqamli imzoning kalitidan foydalanish maqsadlarini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish talab qilinadi.
Tarqatilishi cheklangan axborotni oʻz ichiga olgan elektron hujjatlar uchun elektron raqamli imzoning yopiq kalitini berish va elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini roʻyxatga olish uchun qoʻshimcha axborot talab qilinishi mumkin.
Roʻyxatga olish markazining jismoniy va yuridik shaxslardan elektron raqamli imzo kalitlarining sertifikatlarini berish maqsadlariga muvofiq boʻlmagan maʼlumotlarni soʻrab olishi taqiqlanadi.
Ariza berilguniga qadar arizachi elektron raqamli imzoning ochiq va yopiq kalitlarini mustaqil ravishda yaratishi hamda roʻyxatga olish markaziga ochiq kalitni elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini olish uchun taqdim etishi mumkin.
Jismoniy va yuridik shaxslar bir nechta elektron raqamli imzo kalitlariga ega boʻlishi mumkin. Har bir elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini roʻyxatga olish belgilangan tartibda alohida amalga oshiriladi.
Elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining amal qilish muddati elektron raqamli imzo kalitining sertifikati roʻyxatga olingan paytdan eʼtiboran yigirma toʻrt oydan oshmasligi kerak. Bunda elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining amal qilish muddati ikki martadan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
