15-modda. Roʻyxatga olish markazini akkreditatsiya qilishni rad etish
Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida (O‘RQ-793-son) · Sana: 12.10.2022 · Amalda
Roʻyxatga olish markazini akkreditatsiya qilish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
ushbu Qonunning 10-moddasida nazarda tutilgan talablar arizachi tomonidan bajarilmaganda;
agar ilgari xuddi shunday yoki shunga oʻxshash nomdagi boshqa roʻyxatga olish markazi akkreditatsiya qilingan boʻlsa.
Roʻyxatga olish markazini akkreditatsiya qilish rad etilgan taqdirda, qaror qabul qilinganidan keyin uch ish kuni ichida arizachi bu haqda yozma shaklda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda xabardor qilinadi.
Yozma yoki elektron xabarnomada roʻyxatga olish markazini akkreditatsiya qilishni rad etish sabablari, shuningdek arizachi rad etish sabablari bartaraf etilganidan keyin vakolatli davlat organiga takroran murojaat qilishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatiladi.
Arizachi vakolatli davlat organining roʻyxatga olish markazini akkreditatsiya qilishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin.
