245-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot, Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining birinchi chorakdagi, yarim yillik, toʻqqiz oylik ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar fraksiyalarda va Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida dastlabki tarzda muhokama qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot, shuningdek Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yarim yillik hisobot dastlabki tarzda muhokama qilinganidan keyin Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqiladi. Uni koʻrib chiqish vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti, fraksiyalarning fikrlari va takliflari, Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasining xulosasi eshitiladi, muhokama oʻtkaziladi hamda hisobot Qonunchilik palatasining qarori bilan tasdiqlanadi.
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining birinchi chorakdagi va toʻqqiz oylik ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasida koʻrib chiqiladi hamda uning qarori bilan tasdiqlanadi.
Qonunchilik palatasi qoʻmitalari Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Davlat budjeti daromadlari prognozining bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarini har chorak yakunlari boʻyicha eshitib boradi.
Birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun belgilangan budjet mablagʻlaridan foydalanish bilan bogʻliq maqsadli indikatorlarning bajarilishi hamda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilayotgan rivojlantirish dasturlarining ijrosi yuzasidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar rahbarlarining hisobotlari Qonunchilik palatasining tegishli qoʻmitalarida har chorak yakunlari boʻyicha eshitib borilishi mumkin.
Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining ijro etilish holati haqidagi axborot Qonunchilik palatasining tegishli qoʻmitalariga har chorak yakunlari boʻyicha maʼlumot uchun kiritib boriladi.
