244-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Qonunchilik palatasi Davlat budjetining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni hamda zarur materiallarni hisobot yilidan keyingi yilning 15-mayidan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi bilan birga;
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining birinchi chorakdagi, yarim yillik va toʻqqiz oylik ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni hamda zarur materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining tezkor xulosasi bilan birga, ushbu tezkor xulosa olingan kundan eʼtiboran ikki kun ichida Qonunchilik palatasiga taqdim etadi.
Qonunchilik palatasi Spikeri Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni, Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining birinchi chorakdagi, yarim yillik va toʻqqiz oylik ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni koʻrib chiqish va takliflar ishlab chiqish uchun Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasiga, boshqa qoʻmitalarga, fraksiyalarga hamda xulosa taqdim etish uchun Qonunchilik palatasi Devonining Davlat budjeti boshqarmasiga yoʻllaydi.
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqish davomida fraksiyalar, qoʻmitalar va Qonunchilik palatasi Devonining Davlat budjeti boshqarmasi Davlat budjeti daromad qismining ijrosi, ajratilgan mablagʻlarning oʻzlashtirilish holati toʻgʻrisida tegishli organlardan qoʻshimcha axborotni, shuningdek ularning maqsadli sarflanishi hamda ulardan samarali foydalanilishi haqidagi maʼlumotlarni talab qilib olishi mumkin. Bunda fraksiyalar joylarda budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi va ulardan samarali foydalanilishi masalalarini Qonunchilik palatasining tegishli qoʻmitalari tomonidan oʻrganilishi tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi barcha fraksiyalar va qoʻmitalarning takliflarini hamda Qonunchilik palatasi Devoni Davlat budjeti boshqarmasining takliflari va xulosasini oʻrganib chiqib, Kengashga Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni hamda Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining yarim yillik ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni Qonunchilik palatasida koʻrib chiqish uchun xulosa taqdim etadi.
