129-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Kengash masʼul qoʻmitaning xulosasi asosida, fraksiyalarning fikrlari va takliflarini hisobga olgan holda qonun loyihasini Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilish toʻgʻrisida yoki qonun loyihasi ushbu Reglamentning 126-moddasida belgilangan talablarga muvofiq boʻlmagan taqdirda yoxud u qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti tomonidan oʻz vakolatlari jumlasiga kiritilmagan masalalar boʻyicha kiritilganda uni qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytarish haqida qaror qabul qiladi. Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin qonun loyihasi Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun yangitdan kiritilishi mumkin.
Qonunchilik palatasiga avval palata tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilingan tegishli qonun loyihasiga doir masalaga daxldor qonun loyihasi kelib tushgan hollarda, Qonunchilik palatasi yangi kiritilgan qonun loyihasini qaytarish toʻgʻrisidagi yoki uni avval birinchi oʻqishda qabul qilingan qonun loyihasi bilan birlashtirish haqidagi masalani masʼul qoʻmitaning xulosasi asosida hal etishga haqli.
Qonun loyihasi koʻrib chiqish uchun qabul qilinganda Kengash qonun loyihasini Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqishga tayyorlash muddatini belgilaydi.
Koʻrib chiqish uchun qabul qilingan qonun loyihasi tegishli materiallar bilan qoʻmitalarga yuboriladi.
