128-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Qonun loyihasi, shu jumladan muqobil qonun loyihasi Qonunchilik palatasining devonida roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran Qonunchilik palatasiga kiritilgan hisoblanadi. Ayni vaqtda qonun loyihasiga roʻyxatga olish raqami uni koʻrib chiqish va oʻtishining butun davri uchun beriladi.
Qonunchilik palatasi Spikeri masʼul qoʻmitani belgilaydi, qonun loyihasi hamda unga ilova qilingan materiallarni masʼul qoʻmitaga va, bir vaqtning oʻzida, fraksiyalarga topshiradi, shuningdek fraksiyalar tomonidan fikrlar va takliflarni hamda masʼul qoʻmita tomonidan xulosani taqdim etish muddatini belgilaydi.
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilish mumkinligi toʻgʻrisida takliflar ishlab chiqish uchun qonun loyihasi ustida ishlash fraksiyalar va masʼul qoʻmita tomonidan bir vaqtning oʻzida amalga oshiriladi. Bunda fraksiyalarning qonun loyihasi boʻyicha fikrlari va takliflarisiz masʼul qoʻmita ushbu qonun loyihasi yuzasidan oʻz xulosasini chiqarish huquqiga ega emas.
Masʼul qoʻmita qonun loyihasi boʻyicha barcha fraksiyalardan fikrlar va takliflarni toʻplab, Kengashga qonun loyihasini Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilish mumkinligi toʻgʻrisida belgilangan muddatda xulosa taqdim etadi.
