38-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga doir asosiy vazifalari
Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-790-son) · Sana: 17.08.2022 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
favqulodda vaziyat zonasida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish;
aholini xabardor qilish, hududdagi zarur uchastkalarni oʻrab olish (toʻsib qoʻyish) boʻyicha choralar koʻrish, qarovsiz qolgan mol-mulkni qoʻriqlash;
sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda favqulodda vaziyatlarda halok boʻlgan odamlarning hisobini yuritish;
maxsus vakolatli davlat organi uchun zarur boʻlgan hollarda favqulodda vaziyatlarni hamkorlikda bartaraf etish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalarini hamda boshqa vositalarni ushbu shaxslarning roziligi bilan jalb etishga koʻmaklashish;
yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) tegishli manzilga xavfsiz yetkazilishi (tashilishi) uchun kuzatib borishni qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirish.
