29-modda. Aholini favqulodda vaziyat roʻy berishi xavfi toʻgʻrisida yoki favqulodda vaziyat roʻy berganligi haqida xabardor qilish
Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-790-son) · Sana: 17.08.2022 · Amalda
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish holati, aholining xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar, prognoz qilinayotgan yoki roʻy bergan favqulodda vaziyatlar, ulardan muhofazalanish usullari toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan maxsus texnika vositalari orqali aholini oʻz vaqtida va ishonchli tarzda xabardor qilishi shart.
Aholi favqulodda vaziyat roʻy berishi xavfi toʻgʻrisida yoki favqulodda vaziyat roʻy berganligi haqida darhol xabardor qilinadi. Axborotda fuqarolarga bunday vaziyatlarda harakat qilish va zarur muhofaza choralarini bajarish tartibi yetkaziladi.
Aholini favqulodda vaziyat roʻy berishi xavfi toʻgʻrisida yoki favqulodda vaziyat roʻy berganligi haqida xabar berish va xabardor qilishning avtomatlashtirilgan tizimi, shuningdek ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshiriladi.
Favqulodda vaziyat roʻy berishi xavfi toʻgʻrisidagi yoki favqulodda vaziyat roʻy berganligi haqidagi axborot respublika va mahalliy televideniye hamda radio kanallari orqali darhol xabar qilinadi.
