27-modda. Favqulodda vaziyatlar monitoringi va ularni oldindan prognoz qilish
Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-790-son) · Sana: 17.08.2022 · Amalda
Favqulodda vaziyatlar monitoringi va ularni oldindan prognoz qilish Favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashish va prognoz qilishning yagona tizimiga kiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
Favqulodda vaziyatlar monitoringining va ushbu vaziyatlarni oldindan prognoz qilishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi potensial manbalarni barvaqt aniqlash, ular ustidan tizimli kuzatuv va nazoratni tashkil etish hamda amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlar monitoringiga va ularni prognoz qilishga doir axborotni, shuningdek ularning roʻy berishi hamda oqibatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni doimiy ravishda va avtomatlashtirilgan tarzda almashishni taʼminlash;
favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli tabiiy, texnogen va ekologik jarayonlarning rivojlanish ehtimolini, xususiyatlari hamda koʻlamini oldindan prognoz qilish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishga, shuningdek ularning oqibatlarini kamaytirishga oid tavsiyalarni ishlab chiqish.
