20-modda. Soliq maslahatchilari tashkilotining majburiyatlari
Soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-787-son) · Sana: 04.08.2022 · Amalda
Soliq maslahatchilari tashkiloti:
mijozning (ishonch bildiruvchining) huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi, soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma doirasida barcha harakatlarni amalga oshirishi;
mijozning (ishonch bildiruvchining) huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qonunchilikda nazarda tutilgan usullari hamda vositalaridan foydalanishi;
soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish chogʻida olingan axborotning maxfiyligiga rioya etishi;
soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzilayotganda mijozning (ishonch bildiruvchining) talabiga koʻra tashkilot rahbarining malaka sertifikatini koʻrsatishi;
mijozga (ishonch bildiruvchiga) uning mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari tomonidan zarar yetkazilganligi haqida dalolat beruvchi faktlar aniqlangan, shuningdek qonunchilik buzilgan taqdirda, bu haqda mijozga (ishonch bildiruvchiga) maʼlum qilishi;
soliq maslahatiga oid faoliyatni amalga oshirayotgan soliq maslahatchilari haqidagi hamda soliq maslahatchilarining har yilgi malaka oshirishdan oʻtishi toʻgʻrisidagi axborotni Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan belgilangan tartibda taqdim etishi;
mijoz (ishonch bildiruvchi) bilan tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan hollarda, soliq organlarining soliq tekshiruvlariga oid dalolatnomalarini va soliqqa oid nizolarni koʻrib chiqish bayonnomalarini mijoz (ishonch bildiruvchi) nomidan imzolashi;
fuqarolik javobgarligini sugʻurta polisiga ega boʻlishi;
soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorat qilish qoidalarini belgilashi va ularga rioya etishi shart. Soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorat qilishni tashkil etishga doir talablar soliq maslahatining milliy standartlari bilan belgilanadi.
