19-modda. Soliq maslahatchilari tashkilotining huquqlari
Soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-787-son) · Sana: 04.08.2022 · Amalda
Soliq maslahatchilari tashkiloti quyidagi huquqlarga ega:
mijozdan (ishonch bildiruvchidan) soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni va boshqa maʼlumotlarni olish;
soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish jarayonida yuzaga kelgan masalalar boʻyicha mijozdan (ishonch bildiruvchidan) ogʻzaki yoki yozma tushuntirishlar olish;
soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun zarur boʻlgan axborotni, maʼlumotnomalarni, hujjatlarni va boshqa materiallarni muassasalardan hamda tashkilotlardan soʻrab olish;
soliq solish masalalari boʻyicha davlat organlariga murojaat qilish (iltimosnoma berish, takliflar kiritish, soʻrovlar, arizalar, shikoyatlar berish va boshqalar) hamda ulardan javoblar olish;
mijozning (ishonch bildiruvchining) roziligi bilan boshqa mutaxassislarni soliq maslahatida ishtirok etishga shartnoma asosida jalb etish;
mijoz (ishonch bildiruvchi) soliq maslahatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni va boshqa maʼlumotlarni taqdim etmagan taqdirda, soliq maslahati berishni rad etish;
mijozning (ishonch bildiruvchining) soliq davri uchun soliq majburiyatlarining bajarilishi, shu jumladan ixtiyoriy ravishda tugatilayotgan, tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha yillik aylanmasi oxirgi uch yil ichida oʻn milliard soʻmdan oshmagan hamda soliq xavfi darajasi oʻrta boʻlgan soliq toʻlovchining uni ixtiyoriy ravishda tugatish chogʻida soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka koʻra daʼvo qilish muddati oʻtmagan oxirgi soliq auditidan keyingi davrda soliq majburiyatlari bajarilishi boʻyicha xulosa berish;
soliq tekshiruvini oʻtkazish chogʻida soliq maslahatiga oid xulosani mijozning (ishonch bildiruvchining) nomidan mustaqil ravishda, asos sifatida taqdim etish;
mijoz (ishonch bildiruvchi) bilan tuzilgan shartnomada belgilangan hollarda, oʻtkaziladigan soliq tekshiruvlarida ishtirok etish;
soliq organlarida, shu jumladan soliqqa oid nizoni sudgacha hal qilish chogʻida bojxona organlarida, prokuratura organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ifodalash;
sudlarda va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda soliqqa oid huquqiy munosabatlar bilan bogʻliq boʻlgan iqtisodiy, fuqarolik, jinoyat ishlarini hamda maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish chogʻida, shu jumladan dastlabki tergov jarayonida mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ifodalash;
