44-modda. Suvning texnologik jihatdan sarflanishiga va yoʻqotilishiga oid hisobot hamda normalashtirish
Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida (O‘RQ-784-son) · Sana: 22.07.2022 · Amalda
Suvning texnologik jihatdan sarflanishiga va yoʻqotilishiga oid hisobot har yili ichimlik suvi taʼminoti tashkiloti tomonidan tuziladi hamda hisobot yilidan keyingi 1-martdan kechikmay maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etiladi.
Maxsus vakolatli davlat organi ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlari uchun quyidagilarni inobatga olgan holda suvning joriy yil uchun texnologik jihatdan sarflanishi va yoʻqotilishi normalarini (limitlarini) 1-apreldan kechiktirmay belgilaydi:
ichimlik suvi taʼminoti tashkilotining avvalgi yil uchun suvning texnologik xarajatlari va yoʻqotishlari haqidagi hisobotini;
ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlari tomonidan xizmat koʻrsatiladigan hududlarda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida amalga oshirilayotgan loyihalarni va joriy etilayotgan obyektlarini.
