15-modda. Ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlarining asosiy vazifalari
Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida (O‘RQ-784-son) · Sana: 22.07.2022 · Amalda
Ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
ichimlik suvini tayyorlash, shuningdek isteʼmolchilarni ichimlik suvi bilan shartnoma asosida uzluksiz va bir maromda taʼminlash;
isteʼmolchilarga shartnoma asosida oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish;
oqova suvlarni qabul qilish va ularni qonunchilik talablariga muvofiq tozalash;
ichimlik va oqova suv quvurlari hamda inshootlaridan samarali foydalanish, ularni soz holatda saqlash, avariyalar va nosozliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish;
suvning texnologik jihatdan sarflanishini va yoʻqotilishini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan isteʼmol qilinayotgan suvning va koʻrsatilayotgan xizmatlarning hajmini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish hisobidan kamaytirish;
ichimlik suvini tayyorlashda ichimlik suvi inshootlari elektr energiyasi bilan taʼminlanishi uchun zarur choralar koʻrish;
zamonaviy suvni hisobga olish asboblarini va energiyani tejaydigan nasos uskunalarini oʻrnatish;
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar koʻrsatganlik uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida yigʻish;
ichimlik suvi tashkilotining moliyaviy-iqtisodiy jihatdan barqarorligini taʼminlash boʻyicha amaliy choralar koʻrish;
ichimlik suvi taʼminotini va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasini rivojlantirishga, aholini ushbu sohadagi xizmatlar bilan qamrab olishni kengaytirishga qaratilgan dasturlar, strategiyalar hamda konsepsiyalarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
oqova suvlarni tozalash inshootlaridagi oqova suvlarni ifloslantiruvchi moddalar yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori normaga yetkazilguniga qadar tozalashni tashkil etish;
ichimlik suvining yetkazib berilishi va undan foydalanilishi monitoringini amalga oshirish;
suvning texnologik jihatdan sarflanishiga va yoʻqotilishiga doir yigʻma hisobotni ishlab chiqish hamda maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etish;
yuridik shaxslarga ichimlik suvini yetkazib berish uchun limitlar belgilash.
