7-modda. Respublika jamgʻarmasi va hududiy jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantirish
Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida (O‘RQ-781-son) · Sana: 29.06.2022 · Amalda
Respublika jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira jamgʻarmasining 15 foizidan kam boʻlmagan miqdorda respublika budjeti mablagʻlari va respublika budjetining qoʻshimcha manbalari mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
Hududiy jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:
tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari zaxira jamgʻarmalarining 15 foizidan kam boʻlmagan miqdorda Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari qoʻshimcha manbalarining mablagʻlari;
tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni elektron savdo maydonchasida realizatsiya qilishdan kelib tushgan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining maxsus gʻazna hisobvaraqlariga qoʻshimcha manbalar sifatida oʻtkaziladigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
Respublika jamgʻarmasiga va hududiy jamgʻarmalarga kelib tushgan mablagʻlar tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻyicha gʻaznachilik boshqarmalarida ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida jamlanadi.
