20-modda. Huquq egalari bilan ochiq muhokama oʻtkazish tartibi
Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida (O‘RQ-781-son) · Sana: 29.06.2022 · Amalda
Huquq egalari bilan ochiq muhokama Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, mahalliy Kengash tomonidan tegishli qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oy ichida oʻtkaziladi.
Tashabbuskor Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, mahalliy Kengash tomonidan ochiq muhokama oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran ikki ish kuni oʻtgach, biroq ochiq muhokama oʻtkaziladigan kundan kamida yetti kun oldin huquq egalariga ochiq muhokamani oʻtkazish vaqti va joyi koʻrsatilgan holdagi xabarnomani yuborishi kerak.
Huquq egalari ochiq muhokamani oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, tegishli viloyat, Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimligining rasmiy veb-saytida va boshqa ommaviy axborot vositalarida, shuningdek mazkur davlat organlarining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida eʼlonlar berish orqali ham xabardor qilinishi kerak.
Ochiq muhokama tashabbuskor tomonidan tashkil etiladi va ochiq muhokama jarayonining majburiy tartibda audio- va videoyozuvi taʼminlanadi. Ochiq muhokama ommaviy axborot vositalari ishtirokida tashkil etilishi kerak. Tashabbuskor ochiq muhokamada ommaviy axborot vositalarining ishtirokini taʼminlashi kerak.
Ochiq muhokama jarayonining audio-, foto- va videoyozuvi olib borilishini cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ochiq muhokamani oʻtkazish joyi koʻpchilik huquq egalarining yashash joyiga yoki joylashgan yeriga yaqin boʻlishi kerak.
Tashabbuskor huquq egalari (ularning vakillari) uchun ochiq muhokamada onlayn ishtirok etish imkoniyatini taʼminlashi kerak.
Ochiq muhokama, agar unda huquq egalarining (ular vakillarining) uchdan ikki qismi ishtirok etgan boʻlsa, oʻtkazilgan deb hisoblanadi.
Ochiq muhokama jarayonida tashabbuskor huquq egalarini (ularning vakillarini) mazkur yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishning maqsadi, shartlari va istiqbollari bilan tanishtirishi hamda ularning fikrlarini eshitishi kerak.
Ochiq muhokama yakunlari boʻyicha tashabbuskor tomonidan bayonnoma tuziladi, bayonnoma tashabbuskorning vakili va ochiq muhokamada ishtirok etgan barcha huquq egalari (ularning vakillari) tomonidan imzolanadi.
