36-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olish
Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-782-son) · Sana: 29.06.2022 · Amalda
Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olish:
faqat yer uchastkasi mulkdorining yozma roziligi olinganda amalga oshiriladi;
yer uchastkasining mulkdori hamda tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari nomidan teng shartlar asosida tuziladigan yer uchastkasining oldi-sotdi shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi;
basharti yer uchastkasining shartnoma qiymati davlat tomonidan oldindan toʻlansa, amalga oshiriladi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olishga faqat quyidagi maqsadlarda yoʻl qoʻyiladi:
mudofaa va davlat xavfsizligi ehtiyojlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni, erkin savdo zonalarini tashkil etish va ularning faoliyat koʻrsatishi uchun yerlar berish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
foydali qazilmalar konlarini qidirish va qazib olish (bundan keng tarqalgan foydali qazilmalar konlari mustasno);
respublika ahamiyatiga hamda mahalliy ahamiyatga molik avtomobil va temir yoʻllarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya obyektlarini hamda aviatexnika markazlarini, temir yoʻl transporti obyektlarini, koʻpriklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika va aloqa tizimining muhandislik obyektlari hamda tarmoqlarini, kosmik faoliyat obyektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
tasdiqlangan aholi punktlari bosh rejalarining obyektlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qurishga oid qismini bajarish;
davlat investitsiya dasturlarida koʻrsatilgan davlat taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatish muassasalarining binolari hamda inshootlarini markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan qurishni nazarda tutuvchi loyihalarni amalga oshirish.
