16-modda. Qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlarning majburiyatlari
Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-778-son) · Sana: 15.06.2022 · Amalda
Qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar qoʻriqlanadigan obyektlardagi xizmatni tashkil etish va oʻtash chogʻida:
qoʻriqlanadigan obyektlarning ishonchli himoya qilinishini taʼminlashi;
qoʻriqlanadigan obyektlarning barqaror faoliyat koʻrsatishini izdan chiqarishga qaratilgan qonunga xilof harakatlarning oldini olishi va tashiladigan yuklarning but saqlanishini taʼminlashi;
qoʻriqlanadigan obyektlarda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf qilishda ishtirok etishi;
qoʻriqlanadigan obyektga qonunga xilof ravishda kirgan shaxslarni qidirish va ushlashda ishtirok etishi;
nazorat-oʻtkazish rejimini tashkil etishi va qoʻriqlanadigan obyekt hududida obyektning ichki rejimiga rioya etilishini nazorat qilishi;
qoʻriqlash faoliyatiga zamonaviy texnik vositalar va tizimlarni joriy etishi hamda ulardan samarali foydalanishi;
qoʻriqlanadigan obyektlar hududida jamoat tartibini saqlashi, huquqbuzarliklarning oldini olishi va ularga chek qoʻyishi;
qoʻriqlash faoliyatini amalga oshirish chogʻida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan davlat sirlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oshkor qilmasligi shart.
Qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
