15-modda. Qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlarning huquqlari
Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-778-son) · Sana: 15.06.2022 · Amalda
Qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
qoʻriqlash faoliyatini amalga oshirishda fuqarolarning hayotiga va sogʻligʻiga, atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish;
qoʻriqlanadigan obyekt hududida jismoniy va yuridik shaxslardan qonunchilikka rioya etishni, qonunga xilof xatti-harakatlarni toʻxtatishni talab qilish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan hamda boshqa tashkilotlardan qoʻriqlash faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborotni bepul olish, bundan qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan hollar mustasno;
radioaloqani amalga oshirish uchun radiochastotadan (radiotoʻlqindan) belgilangan tartibda foydalanish;
buyurtmachidan qoʻriqlash faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni, axborotni olish;
qoʻriqlanadigan obyektni koʻzdan kechirish.
Qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
