3-modda. Asosiy tushunchalar
Pochta aloqasi toʻgʻrisida (O‘RQ-777-son) · Sana: 09.06.2022 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
adresat — oʻziga pochta yoki kuryerlik joʻnatmasi joʻnatilayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
yozma xat-xabarlar — oddiy va roʻyxatga olinadigan xatlar, pochta varaqchalari, banderollar, mayda paketlar, koʻzi ojizlar uchun joʻnatmalar va “M” qoplari;
kuryerlik joʻnatmalari — joʻnatilishi pochta kuryeri orqali amalga oshiriladigan, hujjatlar va (yoki) tovar joylanmasi mavjud boʻlgan joʻnatmalar;
posilka — belgilangan oʻlchamdagi, ogʻirlikdagi va oʻrovdagi tovar joylanmasi mavjud boʻlgan, roʻyxatga olinadigan pochta joʻnatmasi;
pochta aloqasi — pochta aloqasi vositalari va obyektlarining yagona ishlab chiqarish-texnologiya majmuidan iborat boʻlgan, pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlaydigan aloqa turi;
pochta aloqasi vositalari — pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish uchun foydalaniladigan binolar, yashash uchun moʻljallanmagan joylar, uskunalar, taralar, texnika va transport vositalari;
pochta aloqasining milliy operatori — Oʻzbekiston Respublikasi doirasida pochta aloqasi xizmatlari bozoridagi talabni qanoatlantirish, majburiy ravishda universal pochta xizmatlari koʻrsatish boʻyicha vazifalarni va Umumjahon pochta ittifoqining hujjatlaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish vazifalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan oʻz zimmasiga yuklatilgan pochta aloqasi operatori;
pochta aloqasi obyektlari — pochta aloqasi operatorining alohida boʻlinmalari (pochtamtlar, pochta aloqasi bogʻlamalari, boʻlimlari, punktlari, shuningdek boshqa boʻlinmalar);
pochta aloqasi operatori — mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida pochta aloqasi tarmogʻiga egalik qiluvchi va faoliyatning asosiy turi sifatida pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
pochta aloqasi provayderi — pochta aloqasi operatorlarining tarmogʻi orqali pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
pochta aloqasi tarmogʻi — pochta aloqasi vositalari, obyektlari va pochta yoʻnalishlarining majmui;
pochta va kuryerlik joʻnatmalarini joʻnatish — pochta va kuryerlik joʻnatmalarini qabul qilish, ularga ishlov berish, ularni saqlash, tashish, yetkazib berish (topshirish) boʻyicha texnologik operatsiyalar majmui;
pochta joʻnatmalari — pochta joʻnatmasida koʻrsatilgan pochta manzili boʻyicha adresatga joʻnatish uchun pochta aloqasi operatori yoki provayderi tomonidan qabul qilingan yozma xat-xabar joʻnatmalari, posilkalar, pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalari;
