15-modda. Pochta va kuryerlik joʻnatmalarini joʻnatishdagi cheklovlar
Pochta aloqasi toʻgʻrisida (O‘RQ-777-son) · Sana: 09.06.2022 · Amalda
Pochta aloqasi tarmogʻi orqali pochta va kuryerlik joʻnatmalarini joʻnatishdagi cheklovlar qonunchilikda belgilanadi.
Pochta aloqasi operatori va provayderi pochta aloqasi tarmogʻi orqali joʻnatilishi taqiqlangan joylanmasi boʻlgan pochta va kuryerlik joʻnatmalarini ushlab turish huquqiga ega.
Pochta aloqasi operatori va provayderi qaysi pochta va kuryerlik joʻnatmalarining joylanmasi Pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish qoidalarida nazarda tutilgan alohida alomatlariga koʻra joʻnatilishi taqiqlangan yoki pochta aloqasi xodimlarining hayoti va sogʻligʻi uchun xavf tugʻdiradi, boshqa pochta va kuryerlik joʻnatmalarining buzilishiga (shikastlanishiga) olib kelishi mumkin, shuningdek aholining hayoti va sogʻligʻiga hamda atrof-muhitga xavf tugʻdiradi deb taxmin qilish uchun asos bersa, agar bu xavfni boshqa yoʻl bilan bartaraf etib boʻlmasa, oʻsha pochta va kuryerlik joʻnatmalarini yoʻq qilish huquqiga yoki yoʻq qilishga ruxsat berish huquqiga ega.
