14-modda. Pochta aloqasining xavfsizligini taʼminlash choralari
Pochta aloqasi toʻgʻrisida (O‘RQ-777-son) · Sana: 09.06.2022 · Amalda
Pochta aloqasining xavfsizligi pochta aloqasi sirini himoya qilishga, pochta va kuryerlik joʻnatmalarining, pochta aloqasi vositalarining but saqlanishini taʼminlashga qaratilgan, qonunchilikda belgilangan tadbirlar majmuidan iboratdir.
Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatishda pochta aloqasi operatorlari va provayderlari foydalanuvchilarning hamda pochta aloqasi operatorlari va provayderlari xodimlarining hayoti va sogʻligʻi xavfsizligini taʼminlash uchun choralar koʻradi.
Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari:
pochta va kuryerlik joʻnatmalarini joʻnatish uchun foydalaniladigan texnika va transport vositalarining ishlab chiqarish-texnologik majmuasi xavfsizligini;
foydalanuvchilardan qabul qilingan pochta va kuryerlik joʻnatmalarining but saqlanishini;
pochta va kuryerlik joʻnatmalaridagi pochta aloqasi tarmogʻi orqali joʻnatilishi taqiqlangan predmetlar va moddalarni aniqlashga qaratilgan choralar koʻrilishini;
pochta sirining, shuningdek tijorat, bank sirining yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirning saqlanishini;
pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatishning barcha bosqichlarida xavfsizlik boʻyicha talablarga rioya etilishini taʼminlashi shart.
Pochta va kuryerlik joʻnatmalaridagi joʻnatilishi taqiqlangan predmetlar va moddalarni aniqlash uchun pochta aloqasi operatorlari hamda provayderlari pochta va kuryerlik joʻnatmalarini ochmasdan ulardagi mazkur predmetlar va moddalarni aniqlash imkonini beruvchi maxsus texnik vositalardan foydalanadi.
Pochta va kuryerlik joʻnatmalarini pochta aloqasi xavfsizligi nuqtai nazaridan nazorat qilishni, shuningdek pochta va kuryerlik joʻnatmalarini joʻnatishni amalga oshirish vaqtida pochta aloqasi tarmogʻi orqali joʻnatilishi taqiqlangan predmetlar hamda moddalar aniqlangan taqdirda, pochta aloqasi operatorlari va provayderlari bu haqda tegishli maxsus vakolatli davlat organlariga xabar berishi shart.
Pochta va kuryerlik joʻnatmalarini ochish ular aniqlangan joyda hamda pochta aloqasi operatori va (yoki) provayderi xodimlari hozirligida tegishli maxsus vakolatli davlat organlarining vakillari tomonidan amalga oshiriladi.
