12-modda. Universal pochta xizmatlari
Pochta aloqasi toʻgʻrisida (O‘RQ-777-son) · Sana: 09.06.2022 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi hududida barcha foydalanuvchilar uchun belgilangan tariflar va sifat talablari boʻyicha pochta xizmatlarining muayyan roʻyxatini doimiy asosda taqdim etishga doir xizmatlar universal pochta xizmatlaridir.
Quyidagilar universal pochta xizmatlari jumlasiga kiradi:
foydalanuvchilarning oddiy yozma xat-xabarlarni (pochta varaqchalarini, xatlarni, banderollarni va mayda paketlarni) joʻnatish boʻyicha ehtiyojlarini qanoatlantirishga doir pochta xizmatlari;
koʻzi ojizlar uchun joʻnatmalar almashinuvida koʻzi ojizlarning va koʻzi ojizlar uchun moʻljallangan muassasalarning ehtiyojlarini qanoatlantirish boʻyicha pochta xizmatlari.
Foydalanuvchilarga universal pochta xizmatlari Oʻzbekiston Respublikasi doirasida, maqbul narxlar boʻyicha koʻrsatiladi.
Universal pochta xizmatlari koʻrsatish majburiyati pochta aloqasining milliy operatori zimmasiga yuklatiladi.
Quyidagilar universal pochta xizmatlaridan foydalanish va ushbu xizmatlar sifatining davlat kafolatidir:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanuvchilar uchun universal pochta xizmatlaridan teng huquqlar asosida foydalanilishini;
pochta aloqasi obyektlarining universal pochta xizmatlaridan foydalanuvchilar uchun qulay rejimda ishlashini;
koʻrsatilayotgan universal pochta xizmatlarining lozim darajadagi sifatini;
universal pochta xizmatlari uchun tariflarning davlat tomonidan tartibga solinishini taʼminlash.
