11-modda. Pochta aloqasi sirini taʼminlash
Pochta aloqasi toʻgʻrisida (O‘RQ-777-son) · Sana: 09.06.2022 · Amalda
Foydalanuvchilarning manziliga oid maʼlumotlar, pochta va kuryerlik joʻnatmalari hamda ularning tarkibi toʻgʻrisidagi axborot, pochta aloqasi operatorlari hamda provayderlarining faoliyati sohasiga kiradigan boshqa xabarlar, shuningdek ushbu pochta va kuryerlik joʻnatmalarining oʻzi pochta aloqasining sirini tashkil etadi.
Yozishmalar siri davlat tomonidan kafolatlanadi.
Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari pochta aloqasi siriga rioya etilishini kafolatlaydi. Pochta aloqasi operatorlari va provayderlarining barcha xodimlari pochta aloqasi sirini saqlashi shart.
Pochta aloqasi sirini taʼminlash maqsadida quyidagilar taqiqlanadi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno:
boshqa shaxsga pochta va kuryerlik joʻnatmalari haqidagi maʼlumotlarni, shuningdek foydalanuvchilarning manzili va shaxsiga doir maʼlumotlarni maʼlum qilish;
pochta va kuryerlik joʻnatmalarini ochish;
foydalanuvchi hamda (yoki) uning pochta va kuryerlik joʻnatmalari tarkibi (joylanmasi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda yigʻish yoki tarqatish.
Pochta aloqasi operatorlarining, provayderlarining pochta aloqasi siri buzilishiga yoʻl qoʻygan xodimlari belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
