8-modda. Vakolatli davlat organining reklamaning aylanishi sohasidagi vakolatlari
Reklama toʻgʻrisida (O‘RQ-776-son) · Sana: 07.06.2022 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi reklamaning aylanishi sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Vakolatli davlat organi:
reklamaning aylanishi sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijrosini taʼminlaydi;
reklamaning aylanishi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi va ularning amalga oshirilishini tashkil etadi;
reklamaning aylanishi sohasida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
reklamaning aylanishi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikni qoʻllash masalalari boʻyicha tushuntirishlar beradi;
reklamaning aylanishi sohasida mahalliy va xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
Tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) xavfsizligining umumiy texnik reglamentini ishlab chiqadi;
reklamaga oid faoliyat subyektlariga reklama axboroti bilan bogʻliq hujjatlar va materiallarni belgilangan muddatlarda taqdim etishga doir soʻrov yuboradi;
reklamaga oid faoliyat subyektlari tomonidan reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining buzilishi hollarini aniqlaydi va ularni bartaraf etish choralarini koʻradi;
zarur hollarda reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilishi holatlarini aniqlash maqsadida xulosalar va izohlar olish uchun ekspertlar hamda mutaxassislarni jalb qiladi;
reklamaga oid faoliyat subyektlariga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qoʻllash haqida qonunchilikda belgilangan tartibda qarorlar qabul qiladi;
reklamaga oid faoliyat subyektlarining birlashmalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasida halol raqobat hamda qonuniylikka rioya etish prinsiplariga asoslangan reklama bozorini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, shuningdek reklamaning aylanishi sohasida oʻzini oʻzi tartibga solish mexanizmlarini joriy etishga koʻmaklashadi;
reklamaning aylanishi sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
