311-modda. Senator soʻrovi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida (523-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Senator davlat organlarining mansabdor shaxslariga, qoida tariqasida, tegishli hududlarning manfaatlari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan soʻrov yuborishga haqli.
Davlat organlarining mansabdor shaxslari senator soʻroviga, agar boshqa muddat belgilangan boʻlmasa, soʻrov olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay yozma javob yuboradi. Senator soʻroviga javob oʻz nomiga soʻrov yuborilgan mansabdor shaxs yoki uning vazifalarini vaqtincha bajarayotgan shaxs tomonidan imzolanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili senatorning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolariga, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga yuborilgan soʻroviga oʻz vaqtida javob yuborilishini taʼminlashga koʻmaklashadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori, surishtiruv va tergov organlari rahbarlari nomiga yoʻllangan senator soʻrovi ularning ish yurituvidagi muayyan ishlar va materiallarga taalluqli boʻlishi mumkin emas.
