12-modda. Kelishuv komissiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida (523-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Senat tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Senat va Qonunchilik palatasi yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Senat aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin.
Senatda kelishuv komissiyasini tuzish toʻgʻrisidagi tashabbus Senat Raisidan, shuningdek Senat aʼzolari umumiy sonining kamida beshdan bir qismini tashkil etuvchi senatorlardan chiqishi mumkin.
Kelishuv komissiyasining Senatdan koʻrsatilgan tarkibi uning majlisida, Senat majlislari oraligʻidagi davrda esa uning Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Kelishuv komissiyasining har bir palatadan saylangan aʼzolari oʻz tarkibidan koʻpchilik ovoz bilan komissiya hamraislarini saylaydilar.
Kelishuv komissiyasi qonunning yagona matnini ishlab chiqish maqsadida Senatning har bir eʼtirozini alohida-alohida koʻrib chiqadi.
Kelishuv komissiyasining qarorlari kelishuv komissiyasi tarkibiga kirgan senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlarining alohida-alohida ovoz berishi orqali qabul qilinadi. Qaror, agar komissiyaning har bir palatadan saylangan aʼzolarining koʻpchiligi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan hisoblanadi.
Kelishuv komissiyasi oʻz ishining natijalari yuzasidan kelishmovchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni oʻz ichiga olgan xulosa qabul qiladi. Xulosaga qonunga doir oʻzgartishlar va qoʻshimchalar loyihasining matni ilova qilinadi.
Xulosa Senat va Qonunchilik palatasidan saylangan kelishuv komissiyasining hamraislari tomonidan imzolanib, tegishincha Senat va Qonunchilik palatasiga topshiriladi.
Senat kelishuv komissiyasining takliflarini qabul qilgan taqdirda qonun Qonunchilik palatasi tomonidan odatdagi tartibda qayta koʻrib chiqilishi kerak.
Kelishuv komissiyasining loaqal bitta taklifi rad etilgan taqdirda Senat kelishuv komissiyasiga yangi takliflarni taqdim etish uchun palata tomonidan maʼqullangan tuzatishlarni inobatga olgan holda ishni davom ettirishni taklif qilishi mumkin.
Agar Senat qonunni kelishuv komissiyasining tahririda maʼqullamasa, u rad etilgan qonun sifatida Qonunchilik palatasiga qaytarilishi kerak.
