11-modda. Qonunning Senat tomonidan koʻrib chiqilishi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida (523-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Senatga kelib tushgan qonun roʻyxatga olinadi va Senat Raisi tomonidan qonunni koʻrib chiqadigan hamda uning yuzasidan xulosa tayyorlaydigan qoʻmitaga (bundan buyon matnda masʼul qoʻmita deb yuritiladi) topshiriladi.
Masʼul qoʻmitaning xulosasida qonunni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisidagi tavsiya ifodalangan baho boʻlishi kerak. Qonunni rad etish zarurligi toʻgʻrisidagi xulosada masʼul qoʻmitaning qonunni rad etish zarur deb hisoblashining vajlari bayon etilishi lozim. Masʼul qoʻmitaning xulosasi Senat Kengashiga taqdim etiladi, Kengash qonunni Senat majlisining kun tartibi loyihasiga kiritish-kiritmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Senatning majlisida qonunni koʻrib chiqish maʼruzachining masʼul qoʻmita xulosasini oʻqib eshittirishidan boshlanadi. Koʻrib chiqilayotgan qonun yuzasidan uning muhokamasi tartibida senatorlar soʻzga chiqishlari mumkin.
Qonun Senat tomonidan senatorlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan maʼqullanadi, ushbu Qonunning 13 va 14-moddalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Senat tomonidan maʼqullangan qonun imzolanishi va eʼlon qilinishi uchun Senat qarori bilan birgalikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
Senatning qonunni rad etish toʻgʻrisidagi qarorida rad etish vajlari koʻrsatilishi kerak. Unda bir vaqtning oʻzida qonunga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish zarurligi toʻgʻrisidagi, shuningdek kelishuv komissiyasi tuzish haqidagi takliflar bayon etilishi mumkin.
Senatning qonunni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisidagi qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida Qonunchilik palatasiga yuboriladi.
