43-modda. Huquqlar — garov narsasi sifatida
“Garov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (614-I-son) · Sana: 01.05.1998 · Amalda
Garovga qoʻyuvchiga tegishli egalik qilish va foydalanish huquqlari, shu jumladan ijarachining huquqlari, majburiyatlaridan kelib chiquvchi boshqa huquqlar (talablar) va oʻzga mulkiy huquqlar garov narsasi boʻlishi mumkin.
Kreditorning shaxsi bilan uzviy bogʻliq talablar, xususan hayot yoki sogʻliqqa yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi talablar, alimentlar haqidagi va boshqa shaxs foydasiga voz kechish qonun bilan man qilingan oʻzga talablar huquq garovi narsasi boʻlishi mumkin emas.
Yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni, shuningdek oʻzga tabiiy resurslarga nisbatan boʻlgan huquqlarni garovga qoʻyishga qonunchilikda belgilangan meʼyor va shartlarda yoʻl qoʻyiladi.
Muddatli huquq uning amal qilish muddati tugagunga qadargina garov narsasi boʻlishi mumkin.
Garovga qoʻyuvchi oʻz qarzdorini amalga oshirilgan huquqlar garovidan xabardor qilishi shart. Agar shartnomada boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, garovga qoʻyuvchiga nisbatan qarzdor hisoblanuvchi shaxs garovga oluvchi majburiyatini bajarishi lozim.
