22-modda. Garovga qoʻyuvchining majburiyatlari
“Garov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (614-I-son) · Sana: 01.05.1998 · Amalda
Agar shartnomada yoki qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, garovga qoʻyuvchi:
har bir navbatdagi garovga oluvchiga garovga qoʻyilgan mol-mulkning barcha mavjud garovlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni xabar qilishi;
garovga oluvchida garov bilan taʼminlangan majburiyat muddatidan oldin bajarilishini talab qilish va undiruvni garovdagi mol-mulkka qaratish huquqi vujudga kelganida garovga oluvchining talablarini qanoatlantirishi shart.
Mol-mulk garovga qoʻyuvchida qoldirilgan holdagi garovda, ipotekada ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan majburiyatlardan tashqari, garovga qoʻyuvchi ushbu Qonunning 12-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan talablarni bajarishi shart.
Muomaladagi tovarlar garovida ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan majburiyatlardan tashqari, garovga qoʻyuvchi garovdagi tovar boʻyicha operatsiyalarning alohida hisob-kitobini yuritishga haqli.
Mulkiy huquqlar garovida ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan majburiyatlardan tashqari, garovga qoʻyuvchi:
garovga qoʻyilgan huquqning haqiqiyligini taʼminlash uchun zarur boʻlgan harakatlarni qilishi;
garovga qoʻyilgan huquq bekor boʻlishiga yoki uning qiymati kamayishiga sabab boʻluvchi xatti-harakatlar qilmasligi;
garovga qoʻyilgan huquqni uchinchi shaxslar tomonidan boʻladigan tajovuzlar va talablardan himoya qilish uchun zarur boʻlgan choralarni koʻrishi;
garovga oluvchiga garovga qoʻyilgan huquqda sodir boʻlgan oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi, uning uchinchi shaxslar tomonidan buzilganligi haqidagi maʼlumotlarni xabar qilishi;
oʻz qarzdorini huquqlar garovi sodir etilgani toʻgʻrisida xabardor qilishi shart.
Agar garovga oluvchi bilan kelishuvda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar garovga qoʻyuvchining huquqiy vorislariga nisbatan garovga qoʻyilgan huquqlar borasida qoʻllaniladi.
