21-modda. Garovga qoʻyuvchining huquqlari
“Garov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (614-I-son) · Sana: 01.05.1998 · Amalda
Agar shartnomada yoki qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, garovga qoʻyuvchi quyidagilarga haqli:
garov bilan taʼminlangan majburiyatni ushbu Qonunda belgilangan tartibda muddatidan oldin bajarish;
garovga oluvchining roziligi bilan garov narsasini almashtirish;
ushbu Qonunning 13-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda garov narsasini oqilona muddatda tiklash va uni boshqa teng qimmatli mol-mulkka almashtirish;
ushbu Qonunning 26-moddasiga muvofiq undiruv qaratilgan garov narsasi sotilgunga yoki garovga qoʻyilgan mulkiy huquqlar realizatsiya qilingunga qadar istalgan vaqtda garov bilan taʼminlangan majburiyatni yoki uning bajarilishi kechiktirilgan qismini bajarib, ularga undiruvni qaratishni toʻxtatish;
garov bilan taʼminlangan majburiyat boʻyicha qarzni garovga oluvchining roziligi bilan boshqa shaxsga oʻtkazish;
ushbu Qonun 12-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan majburiyatlar garovga oluvchi tomonidan qoʻpol buzilgan taqdirda, garovning muddatidan oldin bekor qilinishini talab qilish.
Zakalat qoʻyilganda, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan huquqlardan tashqari, garovga qoʻyuvchi quyidagilarga haqli:
garov narsasi yoʻqolganligi yoki shikastlanganligi tufayli yetkazilgan zarar qoplanishini garovga oluvchidan talab qilish;
garov narsasi yoʻqolganligi yoki shikastlanganligi tufayli yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi garovga oluvchiga nisbatan talablarni garov bilan taʼminlangan majburiyatni uzish hisobiga oʻtkazish.
Garovdagi mol-mulkni garovga qoʻyuvchida qoldirgan holdagi garovda, ipotekada, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan huquqlardan tashqari, garovga qoʻyuvchi quyidagilarga haqli:
garov narsasidan belgilangan maqsadga muvofiq foydalanish, shu jumladan undan samara va daromadlar chiqarib olish;
garovga oluvchining roziligi bilan garov narsasini boshqa shaxsga berish, uni ijaraga yoki bepul foydalanish uchun boshqa shaxsga topshirish yoxud uni boshqacha tarzda tasarruf etish.
Garovga qoʻyuvchining garovga qoʻyilgan mol-mulkni vasiyat qilib qoldirish huquqini cheklaydigan kelishuv haqiqiy emas.
Muomaladagi tovarlar garovida ushbu moddaning birinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan huquqlardan tashqari, garovga qoʻyuvchi tovarning umumiy qiymati garov toʻgʻrisidagi shartnomada koʻrsatilganidan kamaymasligi sharti bilan garovga qoʻyilgan tovarning tarkibi va asl shaklini oʻzgartirishga haqli.
