9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining organik mahsulotlar sohasidagi vakolatlari
Organik mahsulotlar toʻgʻrisida (O‘RQ-766-son) · Sana: 25.04.2022 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi oʻz vakolatlari doirasida:
muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilishni amalga oshiradi va ularga akkreditatsiya toʻgʻrisida guvohnoma beradi;
organik mahsulotlarning milliy muvofiqlik belgisi shakli va oʻlchamini tasdiqlaydi;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni, normativ hujjatlarni ishlab chiqish va tizimli ravishda joriy etishda, shuningdek organik mahsulotlar sohasidagi xalqaro standartlarni respublikada joriy etishga tizimli ravishda koʻmaklashadi;
muvofiqlikni baholash organlarining mutaxassislari uchun inspeksiya nazoratini oʻtkazish doirasida yoki sertifikatlashtirish jarayonida malaka oshirish boʻyicha tadbirlarni tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
