8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining organik mahsulotlar sohasidagi vakolatlari
Organik mahsulotlar toʻgʻrisida (O‘RQ-766-son) · Sana: 25.04.2022 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi:
qishloq xoʻjaligida organik chorvachilikni rivojlantirish sohasidagi xalqaro standartlar va tavsiyalar bilan uygʻunlashgan veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini ishlab chiqarishga joriy etilishini taʼminlaydi;
ishlab chiqaruvchilar tomonidan organik mahsulotlarni, chorvachilikka oid organik mahsulotlarni hamda kelib chiqishi hayvonlar va oʻsimliklarga mansub boʻlgan xom ashyoni yetishtirish chogʻida veterinariya toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan veterinariya-sanitariya talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
