35-modda. Kredit (mikroqarz) berish toʻgʻrisidagi shartnoma shartlari
Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-765-son) · Sana: 20.04.2022 · Amalda
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar kredit (mikroqarz) berish toʻgʻrisidagi shartnomalar (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) asosida kreditlar (mikroqarzlar) beradi.
Shartnoma shartlari qarz oluvchi bilan kelishiladi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
kredit (mikroqarz) summasini yoki kreditlash limitini va uni oʻzgartirish tartibini;
foiz stavkasini yillik foizlarda, oʻzgaruvchan foiz stavkasi qoʻllanilganda esa uni aniqlash tartibini;
shartnomaning amal qilish muddatini va kreditni (mikroqarzni) qaytarish muddatini;
qarz oluvchining shartnoma boʻyicha toʻlovlari soni, miqdori va davriyligini (muddatlarini), shuningdek kreditning (mikroqarzning) asosiy summasini hamda u boʻyicha foizlarni toʻlash (differensial yoki annuitet) usulini;
kredit (mikroqarz) qisman muddatidan oldin qaytarilganda qarz oluvchining toʻlovlari sonini, miqdorini va davriyligini (muddatlarini) oʻzgartirish tartibini;
shartnoma boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash turi va bunday taʼminotga (mavjud boʻlganda) nisbatan qoʻyiladigan talablarni;
mikromoliya tashkilotining yoki lombardning va qarz oluvchining shartnoma shartlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarligini, neustoyka (jarima, penya) miqdorini yoki ularni aniqlash tartibini.
Shartnomada qonunchilikka muvofiq boshqa shartlar ham nazarda tutilishi mumkin.
Shartnoma shartlarini oʻzgartirish qonunda belgilangan talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar oʻzlari koʻrsatadigan xizmatlarga oid shartnoma shartlarini bir tomonlama tartibda oʻzgartirishga yoki toʻldirishga haqli emas, bundan ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Mikromoliya tashkiloti va lombard bir tomonlama tartibda foiz stavkasini kamaytirishga, neustoyka (jarima, penya) miqdorini kamaytirishga yoki uni toʻliq yoki qisman bekor qilishga, neustoyka (jarima, penya) undirilmaydigan muddatni belgilashga yoxud uni undirishni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli, shuningdek basharti qarz oluvchining qarzi oshishiga olib kelmasa, shartnomaning boshqa shartlarini oʻzgartirishga ham haqli. Mikromoliya tashkiloti yoki lombard shartnomada belgilangan tartibda qarz oluvchiga shartnoma shartlari oʻzgarganligi toʻgʻrisidagi xabarnomani, kelgusi toʻlovlar miqdori oʻzgargan taqdirda esa kelgusi toʻlovlar haqidagi axborotni ham yuborishi va shartnoma shartlarining oʻzgarishlari haqidagi axborotdan foydalanish imkoniyatini taʼminlashi shart.
