32-modda. Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan xizmatlar koʻrsatishning asosiy qoidalari
Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-765-son) · Sana: 20.04.2022 · Amalda
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar xizmatlar koʻrsatayotganda isteʼmolchilarga (mijozlarga) nisbatan halollik, shaffoflik, oʻzaro hurmat va xolislik prinsiplariga rioya etishi kerak.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar xizmatlar koʻrsatishning ushbu Qonun talablariga muvofiq oʻzlari ishlab chiqqan qoidalariga binoan xizmatlar koʻrsatadi.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning xizmatlar koʻrsatish qoidalari quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
koʻrsatiladigan xizmatlarning roʻyxati, ularning qiymati toʻgʻrisidagi, shu jumladan kreditning (mikroqarzning) toʻliq qiymatini hisoblash tartibi, shuningdek xizmatlar koʻrsatishning miqdori va muddatlari haqidagi maʼlumotlarni;
xizmatlar koʻrsatish shartlarini, shu jumladan isteʼmolchilarga (mijozlarga) nisbatan kreditlar (mikroqarzlar) olish uchun qoʻyiladigan talablarni;
xizmatlardan foydalanish uchun isteʼmolchilar (mijozlar) tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxatini, ularni taqdim etish tartibini va koʻrib chiqish muddatini;
isteʼmolchilarni (mijozlarni) xizmat koʻrsatish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror yoki mazkur xizmatni koʻrsatishni asoslantirilgan holda rad etish haqida xabardor qilish usullarini.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan pulli xizmatlar koʻrsatish uchun isteʼmolchining (mijozning) bunday xizmatlardan foydalanishga doir buyurtma yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa shakldagi roziligining (akseptning) mavjudligi asos boʻladi.
Isteʼmolchining (mijozning) mikromoliya tashkiloti yoki lombard oldidagi majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarish imkoniyatini aniqlash uchun mikromoliya tashkiloti yoki lombard isteʼmolchi (mijoz) tomonidan taqdim etilgan va (yoki) oʻzi kredit byurosidan yoki boshqa manbadan mustaqil ravishda olgan axborotdan foydalanishga haqli.
Mikromoliya tashkiloti yoki lombard:
xizmatlar koʻrsatish qoidalarida belgilangan muddatda hujjatlarni koʻrib chiqishi hamda xizmat koʻrsatish toʻgʻrisida yoki mazkur xizmatni koʻrsatishni asoslantirilgan holda rad etish haqida qaror qabul qilishi;
xizmat koʻrsatish toʻgʻrisida yoki mazkur xizmatni koʻrsatishni asoslantirilgan holda rad etish haqida qabul qilingan qaror toʻgʻrisida bunday qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay isteʼmolchini (mijozni) yozma shaklda xabardor etishi shart.
