26-modda. Prudensial normativlarga rioya etish
Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-765-son) · Sana: 20.04.2022 · Amalda
Ushbu Qonun 8-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan mablagʻlar hisobidan faoliyatni amalga oshiruvchi mikromoliya tashkilotlari va faktoring tashkilotlari, shuningdek ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari va kafolatlar berish tashkilotlari prudensial normativlarga rioya etishi shart.
Prudensial normativlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
kapitalning yetarlilik koeffitsiyentlarini;
likvidlilik koeffitsiyentlarini;
bir qarz oluvchiga yoki oʻzaro aloqador qarz oluvchilar guruhiga doir tavakkalchilikning eng koʻp miqdorini;
mikromoliya tashkilotiga kafolatlar berish tashkilotiga yoki faktoring tashkilotiga aloqador boʻlgan shaxslar uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdorini;
yuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) va (yoki) qarz qimmatli qogʻozlariga investitsiyalarning eng koʻp miqdorini.
Lombardlarning, shuningdek faoliyatni oʻz mablagʻlari, banklarning kreditlari va oʻz ishtirokchilaridan (aksiyadorlaridan) jalb etilgan qarz mablagʻlari hisobidan amalga oshiruvchi mikromoliya tashkilotlarining va faktoring tashkilotlarining prudensial talablarga rioya etishi talab etilmaydi.
