25-modda. Nobank kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish yuzasidan Markaziy bankning vakolatlari
Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-765-son) · Sana: 20.04.2022 · Amalda
Nobank kredit tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilish Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi.
Markaziy bank nobank kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish maqsadida quyidagilarni belgilaydi:
ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan oʻtish tartibini;
nobank kredit tashkilotlarining axborot xavfsizligini va kiberxavfsizligini taʼminlashga doir minimal talablarni;
lombardlarning kassa xonalariga doir talablarni;
nobank kredit tashkilotlari tomonidan yangi moliyaviy operatsiyalarni, texnologiyalarni va xizmatlarni nazorat qilinadigan cheklangan muhitda (qamrov hududi, sinov davri, xizmatlar hamda operatsiyalar soni va (yoki) hajmi, isteʼmolchilar soni va boshqalar) sinovdan oʻtkazish boʻyicha maxsus huquqiy rejimni (“tartibga solish qumdoni”);
mikromoliya tashkilotlari tomonidan toʻlov agenti (subagenti) yoki banklar, sugʻurta va boshqa moliya tashkilotlari agenti vazifalarini amalga oshirish tartibini;
mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar koʻrsatish tartibini;
mikromoliya tashkilotlarining, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarining, kafolatlar berish tashkilotlarining va faktoring tashkilotlarining aktivlari sifatini tasniflash va baholashga, ularni tasniflash asosida aktivlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarga qarshi zaxiralarni shakllantirishga doir talablarni;
mikromoliya tashkilotlarining, lombardlar, kafolatlar berish tashkilotlarining va faktoring tashkilotlarining xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishi chogʻida ushbu tashkilotlar faoliyatiga doir minimal talablarni;
maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga doir ichki nazorat qoidalarini.
Markaziy bank nobank kredit tashkilotlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida quyidagilarni belgilaydi:
nobank kredit tashkilotlari tomonidan faoliyatni va moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish, buxgalteriya hisobini yuritish qoidalarini, hisobotlarning shakli, tuzilishi va mazmunini, moliyaviy hamda nazoratga doir hisobotlarni tuzish uslubiyatini, davriyligini va taqdim etish muddatlarini, tavakkalchiliklarni baholash hamda ularning faoliyatini nazorat qilish uchun zarur boʻlgan axborotni taqdim etish muddatlarini;
