23-modda. Lombardning faoliyati boshlanganligi toʻgʻrisida xabardor qilish tartibi
Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-765-son) · Sana: 20.04.2022 · Amalda
Lombardning faoliyati boshlanganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma lombard davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin uch oydan kechiktirmay Markaziy bankka quyidagi hujjatlar ilova qilingan holda, elektron platforma orqali yuborilishi kerak:
lombardning ishtirokchilari (aksiyadorlari) ushbu Qonun 14-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar emasligini tasdiqlovchi maʼlumotlar;
lombardning ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirish uchun uning ishtirokchilari (aksiyadorlari) tomonidan kiritilgan mablagʻlarning manbalari haqidagi hujjatlar bilan tasdiqlangan axborot;
lombardning rahbar xodimlari ushbu Qonunning 16-moddasida belgilangan talablarga muvofiqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Lombard norezidentlar tomonidan tashkil etilganda yoki uning ustav fondida (ustav kapitalida) norezidentlar ishtirok etganda, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlarga qoʻshimcha ravishda ushbu Qonun 20-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan tegishli hujjatlar mazkur moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan tartibda taqdim etiladi.
Lombardning faoliyati boshlanganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma lombard nomidan ish yuritish vakolatiga ega boʻlgan shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Lombard Markaziy bankka faoliyatni boshlaganlik haqidagi xabarnomani yuborganda qonunchilik hujjatlarida oʻz faoliyatini amalga oshirish boʻyicha belgilangan talablarga va shartlarga rioya etish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
Lombardning faoliyati boshlanganligi toʻgʻrisida xabarnoma yuborganlik uchun yigʻim undirilmaydi.
