33-modda. Kiberxavfsizlik sohasida ilmiy-texnik va innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash
Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida (O‘RQ-764-son) · Sana: 15.04.2022 · Amalda
Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan kiberxavfsizlik sohasidagi ilmiy-texnik va innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash quyidagilar vositasida amalga oshiriladi:
ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlarni davlat buyurtmasi doirasida bajarish uchun buyurtmalarni joylashtirish;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonida amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot, konstruktorlik va texnologik ishlarni moliyalashtirish uchun kiberxavfsizlik subyektlariga subsidiyalar ajratish;
innovatsion mahsulotlarga boʻlgan talabni, shu jumladan davlat ehtiyojlari uchun sotib olinadigan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) maqbullashtirilishini ragʻbatlantirish;
kiberxavfsizlik darajasini yaxshilash boʻyicha loyihalarni amalga oshiradigan, shu jumladan mavjud ilgʻor texnologiyalardan foydalangan holda xizmatlar koʻrsatish borasidagi innovatsion faoliyat bilan shugʻullanadigan tashkilotlarga moliyaviy yordam koʻrsatish;
kiberxavfsizlik sohasida ilmiy, ilmiy-texnik va innovatsion faoliyatni amalga oshirish hamda muhim axborot infratuzilmasi obyektlarining kiberxavfsizligini taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratish;
kiberxavfsizlikni taʼminlash bilan bogʻliq davlat xaridlarini amalga oshirishda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotga ustuvorlik berish.
