13-modda. Vakolatli davlat organining majburiyatlari
Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida (O‘RQ-764-son) · Sana: 15.04.2022 · Amalda
Vakolatli davlat organi kiberxavfsizlik sohasida zimmasiga yuklatilgan vakolatlarni amalga oshirish chogʻida:
kiberjinoyatlarning oldini olish, aniqlash va bartaraf etish boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrishi;
kiberxavfsizlik sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etishi;
kiberxavfsizlik sohasidagi muammolar yuzasidan ilmiy-tadqiqot va tashkiliy-uslubiy faoliyatni amalga oshirishi;
kiberjinoyatlar hamda kiberxavfsizlikka tahdid soluvchi huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi murojaatlar va maʼlumotlarni roʻyxatdan oʻtkazishi, ular yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda oʻz vaqtida choralar koʻrishi;
kiberxavfsizlikka tahdid soluvchi huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish choralarini koʻrishi;
vakolatli davlat organi xodimlari jismoniy va yuridik shaxslarning turar joylariga hamda boshqa obyektlariga mulkdorlar va ular vakillarining roziligisiz yoki ushbu shaxslar yoʻqligida kirganligi toʻgʻrisidagi barcha holatlar yuzasidan prokurorni yigirma toʻrt soat ichida yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Vakolatli davlat organining zimmasiga qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
