12-modda. Vakolatli davlat organining huquqlari
Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida (O‘RQ-764-son) · Sana: 15.04.2022 · Amalda
Vakolatli davlat organi kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatlarni amalga oshirish chogʻida quyidagi huquqlarga ega:
kiberhujumlarni aniqlash, ularning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek kiberxavfsizlik hodisalariga nisbatan choralar koʻrish uchun moʻljallangan texnik, dasturiy va apparat-dasturiy vositalarni ijaraga olish;
kiberhujumlarga barham berish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrish uchun texnik qurilmalar va xizmatlardan tekin foydalanish;
davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga kirish, zarur hujjatlar va materiallar bilan tanishish, shuningdek davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan, fuqarolardan maʼlumotlarni hamda boshqa zarur hujjatlarni va materiallarni soʻrash hamda olish, ularni identifikatsiyalashni amalga oshirish va ulardan kiberxavfsizlik hodisalari boʻyicha tergov harakatlarida foydalanish;
kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha ishchi organni tashkil etish, shuningdek oʻz vakolatlarining bir qismini unga oʻtkazish;
kiberxavfsizlik subyektlariga kiberxavfsizlikka tahdid soluvchi huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar hamda koʻrsatmalar kiritish;
kiberxavfsizlik holati taʼminlanganligi yuzasidan davlat nazorati va tekshiruvi vazifasini amalga oshirish maqsadida davlat organlari hamda tashkilotlarining, muhim axborot infratuzilmasi obyektlarining axborot tizimlariga va resurslariga belgilangan tartibda toʻsqinliksiz kirish hamda ularga ulanish, shuningdek ushbu obyektlardagi axborot tizimlarining va resurslarning kiberxavfsizligini taʼminlash vositalarining joriy etilishiga hamda ulardan foydalanilishiga doir maʼlumotlarni oʻrganish;
kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha monitoring ishlarini bajarish chogʻida tashkiliy-texnik tadbirlarni amalga oshirish uchun monitoring tizimlariga yoki muhim axborot infratuzilmasi obyektlariga kirish;
jismoniy va yuridik shaxslarning turar joylariga va boshqa obyektlariga toʻsqinliksiz kirish, zarurat boʻlganda qulflash moslamalarini va boshqa ashyolarni buzgan holda kirish, bu joylarni axborot texnologiyalari sohasida jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni taʼqib qilish chogʻida yoxud u erda jinoyat sodir etilyapti yoki sodir etilgan yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organlardan yashiringan shaxs bor deb hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud boʻlgan taqdirda yoxud agar kechiktirish fuqarolarning hayotini va sogʻligʻini tahdid ostida qoldiradigan boʻlsa, yigirma toʻrt soat ichida prokurorga bu haqda xabar bergan holda, shuningdek yetkazilgan zararning oʻrnini qonunchilikda belgilangan tartibda qoplagan holda koʻzdan kechirish.
