8-modda. Insofsiz raqobatni taqiqlash
Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat toʻgʻrisida (355-I-son) · Sana: 27.12.1996 · Amalda
Insofsiz raqobatga, chunonchi:
boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektga zarar keltiradigan yoki uning tadbirkorlik obroʻsiga putur yetkazadigan yolgʻon, noaniq yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarni tarqatishga;
yuridik shaxsning intellektual faoliyati natijalaridan va ularga tenglashtirilgan individuallashtirish vositalaridan, mahsulotni, xizmatlar bajarishni individuallashtirish vositalaridan qonunsiz foydalanib tovar sotishga;
tovarning xususiyati, uni tayyorlash usuli va joyi, isteʼmol xossalari, sifati xususida isteʼmolchilarni chalgʻitishga;
xoʻjalik yurituvchi subyektning, shu jumladan uning reklama faoliyati jarayonida ham, oʻzi ishlab chiqaradigan yoki sotadigan tovarlarni boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tovarlari bilan qoʻpol taqqoslashiga;
ilmiy-texnikaviy, ishlab chiqarish yoki savdo axborotini, shu jumladan tijorat sirini egasining roziligisiz olish, undan foydalanish, uni oshkor etishga;
yangi xoʻjalik yurituvchi subyektning tovarlar va xizmatlar bozoriga kirishini toʻsishga yoʻl qoʻyilmaydi.
