7-modda. Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlari va harakatlari
Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat toʻgʻrisida (355-I-son) · Sana: 27.12.1996 · Amalda
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga quyidagilar taqiqlanadi:
biror-bir faoliyat sohasida yangi xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tashkil qilishga cheklashlar joriy etish, shuningdek ayrim faoliyat turlarini amalga oshirish yoki muayyan bir tovarlarni ishlab chiqarishni taqiqlash, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno;
xoʻjalik yurituvchi subyektga shartnomalar tuzishda kimgadir ustunlik berish, isteʼmolchilarning muayyan doiralariga tovarlarni birinchi navbatda yetkazib berish toʻgʻrisida koʻrsatmalar berish;
baʼzi bir xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ayni bir tovar bozorining oʻzida ishlaydigan boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan ustunlik beruvchi soliq yoki boshqa imtiyozlarni, litsenziyalash boʻyicha huquqlarni asossiz ravishda berib qoʻyish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning aksiyalarini (ulushlarini) sotib olish, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyati uchun boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shart-sharoitlarni belgilash.
Ayrim hollarda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tabiiy ofatlar, falokatlarning oqibatlarini tugatish hamda kasalliklar tarqalib ketishining oldini olish maqsadida ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan mazmundagi qarorlarni qabul qilishi mumkin.
Boshqaruv organining boshqa bir boshqaruv organi bilan yoxud xoʻjalik yurituvchi subyekt bilan bozorning meʼyorida faoliyat koʻrsatishiga, raqobatni rivojlantirishga toʻsqinlik qiluvchi va isteʼmolchilarning qonuniy manfaatlariga zarar yetkazuvchi bitimlariga (kelishib olingan harakatlariga), shu jumladan:
narxlar yoki tariflarni oshirish, pasaytirish, saqlab turishga;
bozorni hududiy prinsip boʻyicha, sotuvlar va xaridlar hajmi, tovar xillari yoxud sotuvchilar yoki xaridorlarning, buyurtmachilarning doirasi boʻyicha taqsimlab olishga;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bozorga kirishini cheklash yoki ularni bozordan chetlatishga qaratilgan bitimlariga (kelishib qilingan harakatlariga) yoʻl qoʻyilmaydi va ular belgilangan tartibda toʻla yoki qisman haqiqiy emas deb topiladi.
Yuridik shaxslar va boshqaruv organlarining tovarlar ishlab chiqarish yoki sotishni monopoliyalash maqsadida birlashishi, mavjud davlat boshqaruvi organlariga raqobatni cheklab qoʻyishi mumkin boʻlgan vakolatlarni berish, shuningdek boshqaruv organlarining vazifalarini xoʻjalik yurituvchi subyektlar vazifalari bilan qoʻshib yuborish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarga mazkur organlarning vazifalari va huquqlarini, shu jumladan davlat boshqaruvi organlarining vazifalari va huquqlarini berish taqiqlanadi.
