26-modda. Geografik koʻrsatkichdan foydalanish
Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida (O‘RQ-757-son) · Sana: 03.03.2022 · Amalda
Guvohnomaning egasiga geografik koʻrsatkichdan qonunga zid boʻlmagan har qanday usulda foydalanish, shu jumladan:
ishlab chiqarilayotgan, sotuvga taqdim etilayotgan, sotilayotgan, koʻrgazmalarda va yarmarkalarda namoyish etilayotgan yoki boshqacha tarzda Oʻzbekiston Respublikasi hududida fuqarolik muomalasiga kiritilayotgan yoxud shu maqsadda saqlanayotgan yoki tashilayotgan yoxud Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlarda, tovarlarning yorliqlarida, oʻrovlarida;
tovarlarni fuqarolik muomalasiga kiritish bilan bogʻliq boʻlgan blankalarda, hisobvaraqlarda, boshqa hujjatlarda va bosma nashrlarda;
tovarlarni sotish toʻgʻrisidagi takliflarda, shuningdek eʼlonlarda, peshlavhalarda va reklamada foydalanish huquqi tegishlidir.
Birlashma tomonidan geografik koʻrsatkich roʻyxatdan oʻtkazilgan taqdirda, bunday geografik koʻrsatkichdan foydalanish huquqi, basharti ushbu geografik koʻrsatkichdan reyestrda koʻrsatilgan xususiyatlarga ega boʻlgan tovarga nisbatan foydalanilsa, ushbu birlashma aʼzosi boʻlgan har bir shaxsga beriladi.
Litsenziya shartnomasi asosida geografik koʻrsatkichdan foydalanish huquqini boshqa shaxsga berishga, bunday huquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish toʻgʻrisida bitimlar tuzishga va geografik koʻrsatkichdan foydalanish huquqini berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Quyidagilar geografik koʻrsatkichdan qonunga xilof ravishda foydalanish deb eʼtirof etiladi:
roʻyxatdan oʻtkazilgan geografik koʻrsatkichdan foydalanish huquqiga ega boʻlmagan shaxslar tomonidan undan foydalanish, hatto bunda, agar tovar ishlab chiqarilgan haqiqiy joy koʻrsatilgan boʻlsa yoki geografik koʻrsatkichdan uni tarjima qilgan holda yoxud “xildagi”, “turdagi”, “oʻxshatib ishlangan” degan va boshqa shunga oʻxshash soʻzlar bilan qoʻshib foydalanilayotgan boʻlsa ham;
roʻyxatdan oʻtkazilgan geografik koʻrsatkichdan undan foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxslarning reyestrda koʻrsatilgan xususiyatlarga ega boʻlmagan yoxud geografik obyekt chegarasidan tashqarida ishlab chiqarilgan tovarga nisbatan foydalanishi;
roʻyxatdan oʻtkazilgan geografik koʻrsatkichga oʻxshash belgidan tovar ishlab chiqarilgan joy yoki tovarning xususiyatlari xususida isteʼmolchilarni chalgʻitadigan tarzda har qanday tovarlar uchun foydalanish.
Geografik koʻrsatkichdan qonunga xilof ravishda foydalanilgan yoki u bilan adashtirib yuborish darajasida oʻxshash boʻlgan belgilardan foydalanilgan tovarlar, tovarlarning yorliqlari, oʻrovlari kontrafakt hisoblanadi.
