“45-modda. Tabiatni chiqindilar bilan ifloslanishdan muhofaza qilish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (405-II-son) · Sana: 30.08.2002 · Amalda
Chiqindilarni aholi punktlari yerlarida, tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlarda, suvni muhofaza qilish zonalari va suv obyektlarining sanitariya muhofazasi zonalari doirasida, fuqarolar hayoti va sogʻligʻiga, shuningdek alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar hamda obyektlarga tahdid kelib chiqishi mumkin boʻlgan boshqa joylarda saqlash va koʻmib tashlash taqiqlanadi.
Alohida hollarda, maxsus tadqiqotlar natijalariga koʻra fuqarolarning hayoti va sogʻligʻi, atrof muhit xavfsizligini, tabiiy resurslar saqlanishini taʼminlash talablariga rioya etgan holda chiqindilarni yer ostiga koʻmib tashlashga yoʻl qoʻyiladi.
Chiqindilarni qayta ishlash, ularni poligonlarda koʻmib tashlash va saqlash tabiatni muhofaza qilish davlat organlarining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
