10-modda. Uy-joy fondining turlari
Davlat uy-joy siyosatining asoslari toʻgʻrisida (351-I-son) · Sana: 27.12.1996 · Amalda
Uy-joy fondi xususiy va davlat uy-joy fondlaridan iboratdir.
Xususiy uy-joy fondiga quyidagilar kiradi:
fuqarolarning mulki boʻlgan uy-joy fondi (yakka tartibdagi turar joy binolari, xususiylashtirilgan, qurilgan hamda olingan kvartiralar va uylar, uy-joy hamda uy-joy qurilish kooperativlariga qarashli uylardagi pay badallari toʻliq miqdorda toʻlangan kvartiralar, fuqarolar tomonidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarda mulk qilib olingan kvartiralar va uylar);
xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari, kooperativlar, jamoat birlashmalari, jamoat fondlari hamda boshqa nodavlat yuridik shaxslarning mulki boʻlgan hamda ularning mablagʻlari hisobidan qurilgan yoki kim oshdi savdosida yoxud qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarda olingan uy-joy fondi.
Davlat uy-joy fondiga quyidagilar kiradi:
mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida boʻlgan, mahalliy budjetga tushgan soliqlar, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha boshqa tushumlar hisobidan barpo etilgan munitsipal uy-joy fondi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida boʻlgan, mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan barpo etilgan, shuningdek xususiy, munitsipal uy-joy fondidan olib ularning balansiga berilgan, fuqarolarning ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan, kam taʼminlangan toifalari uchun xususiylashtirish huquqisiz ijara shartlari asosida foydalanilayotgan aniq maqsadli kommunal uy-joy fondi;
davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining toʻla xoʻjalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida boʻlgan idoraga qarashli uy-joy fondi.
