“71-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Yoshlar bilan ishlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-747-son) · Sana: 25.01.2022 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi, tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatining roʻyobga chiqarilishini tahlil qiladi, shuningdek uni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
yoshlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishga, shuningdek ularning bandligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
xorijda oʻqiydigan yoshlar bilan ishlarni tizimli asosda tashkil etadi;
yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarish masalalari boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarining hamkorligini taʼminlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻradi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
