16-modda. Fermer xoʻjaligining majburiyatlari
Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida (602-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Kuchini yo'qotgan
Fermer xoʻjaligi quyidagilarni bajarishi shart:
yer uchastkasidan qatʼiy belgilangan maqsadda foydalanish;
tabiiy obyekt boʻlmish yerga zarar yetkazmaslik;
yer uchastkasini asrash, uning unumdorligini saqlash va oshirish yuzasidan sarf-xarajatlar qilish;
yer uchastkasini, agar ijaraga olish shartnomasida boshqa muddat belgilangan boʻlmasa, bir yil ichida oʻzlashtirish;
agrotexnika talablariga, belgilangan rejim, saqlash vazifasi va servitutlarga rioya etish;
fermer xoʻjaligining majburiyatlari va qarzlari yuzasidan toʻla javobgar boʻlish;
fermer xoʻjaligining barcha aʼzolari hamda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslar uchun qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga va Aholini ish bilan taʼminlashga koʻmaklashuvchi davlat jamgʻarmasiga majburiy badallar toʻlash;
fermer xoʻjaligining aʼzolari va mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslarning mehnat faoliyati hisobini yuritish;
xoʻjalik aʼzolari va mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslar uchun xavfsiz mehnat sharoitini taʼminlash;
madaniy-maʼrifiy tadbirlarga, obodonlashtirish ishlariga shartnoma asosida mablagʻlar ajratish.
Qonun hujjatlarida fermer xoʻjaligining boshqa majburiyatlari ham nazarda tutilishi mumkin.
