15-modda. Fermer xoʻjaligining huquqlari
Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida (602-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Kuchini yo'qotgan
Fermer xoʻjaligi yuridik shaxsning barcha huquqlariga ega boʻladi. Fermer xoʻjaligi tadbirkorlik shakllaridan biri boʻlib, tashkil etilishidan koʻzlangan maqsadlarga erishish uchun shu maqsadlarga monand tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga haqlidir.
Fermer xoʻjaligi boshqa shakllarda xoʻjalik yurituvchi korxonalar bilan teng huquqlarga ega.
Fermer xoʻjaligi tadbirkorlik faoliyati subyekti tariqasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda quyidagi huquqlarga ega:
fermer xoʻjaligining ishlab chiqarish faoliyatini oʻziga berilgan yer uchastkasida ustavda nazarda tutilgan doirada mustaqil tashkil etish;
yetishtirilayotgan mahsulotga mustaqil ravishda narx belgilash;
oʻzi yetishtirgan mahsulotni, shu jumladan bu mahsulotni isteʼmolchilarga oʻz xohishi boʻyicha realizatsiya qilish huquqini tasarruf etish;
xarid etiladigan mahsulotga oldindan haq toʻlanadigan fyuchers bitimlari tuzish;
tadbirkorlikdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq solinadigan, cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish;
qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtiruvchilarga sotish uchun va erkin savdoga moʻljallangan aksiyalarni sotib olish;
kreditlar olish, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki va pul mablagʻlarini ixtiyoriylik asosida va shartnoma shartlarida, shu jumladan fermer xoʻjaliklarini kreditni uzishning zarur garov, sugʻurta hamda boshqa kafolatlarini taʼminlagan holda imtiyozli kreditlashga jalb etish;
ijaraga beruvchining ruxsati bilan yoki qonunda yoxud ijara shartnomasida nazarda tutilgan hollarda yer uchastkasini ijaraga berish huquqini kredit olish uchun garovga qoʻyish;
oʻrta va kichik korxonalar uchun berilgan imtiyozlarning barcha turlaridan foydalanish;
xodimlarni ishga yollash va ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish.
Qonun hujjatlarida fermer xoʻjaligining boshqa huquqlari ham nazarda tutilishi mumkin.
