10-modda. Fermer xoʻjaliklariga yer berish tartibi
Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida (602-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Kuchini yo'qotgan
Fuqarolarga fermer xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkalari ellik yilgacha boʻlgan, lekin oʻn yildan kam boʻlmagan muddatga ijaraga beriladi.
Yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasi qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) boshqaruvi va fermer xoʻjaligi boshligʻi tomonidan imzolanadi.
Yer uchastkasidan oqilona va samarali foydalanayotgan fermer xoʻjaligiga qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) boshqaruvi tomonidan umumiy majlisning qarori asosida qishloq xoʻjalik mahsuloti yetishtirish va uni qayta ishlash, yem ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek yaylov yaratish uchun qisqa muddatli ijaraga qoʻshimcha ravishda yer uchastkalari berilishi mumkin.
Yer uchastkasini olishda mazkur joyda yashovchi shaxslar ustun huquqdan foydalanadilar.
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) boshqaruvining va tuman hokimining yer uchastkasi berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga yoki boʻysunuv tartibida yuqori organga, mansabdor shaxsga shikoyat qilish mumkin.
Fermer xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkalari olgan va qishloq aholi punktida turar joyi boʻlgan shaxslarning uy-joyidagi tomorqa chek yerlari saqlanib qoladi.
Fermer xoʻjaligiga ajratilgan yerning chegaralari naturada (joyning oʻzida) yer tuzish xizmati organlari tomonidan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan rasmiylashtiriladi.
Fermer xoʻjaliklariga yer berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
