19-modda. Gidrometeorologik axborotdan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-745-son) · Sana: 12.01.2022 · Amalda
Gidrometeorologik axborotdan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq gidrometeorologik axborotni olish;
gidrometeorologik axborotni tayyorlovchini tanlash;
gidrometeorologik axborotni olishni rad etish hamda ushbu axborotni tayyorlovchi bilan tuzilgan shartnomani normativ hujjatlar, shu jumladan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari buzilgan va shartnoma shartlariga rioya etilmagan taqdirda bekor qilish.
Gidrometeorologik axborotdan foydalanuvchilar gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilar faoliyatining texnologik jarayonlariga aralashish huquqiga ega emas.
Gidrometeorologik axborotdan foydalanuvchilar:
ixtisoslashtirilgan gidrometeorologik axborotdan belgilangan maqsadga va ushbu axborotni muhofaza qilish rejimiga muvofiq foydalanishi;
gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilar bilan tuzilgan shartnomalar shartlariga rioya etishi shart.
Gidrometeorologik axborotdan foydalanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va ularning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
